Oʻquvchilarga qoʻyiladigan talablar:
a) taʼlim muassasasining binosi va uning hududida: dars jadvalida koʻrsatilgan fanlar boʻyicha barcha darsliklar va oʻquv qurollari sigʻadigan oʻquvchi uchun mos boʻlgan sumkadan foydalanish; taʼlim muassasasiga mashgʻulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, maktab ustavida belgilangan oʻquvchilar libosida kelish; toza va orasta kiyinish, sochlarni ozoda va tartibga keltirgan holda tutish; taʼlim muassasasining barcha xonalari, zina va yoʻlaklari, shuningdek, sport va faollar zallarini toza tutish, turli xil chiqindilar tashlamaslik; chiqindilarni muassasaning binosi va hududidagi maxsus belgilangan idishlarga tashlash; 8 taʼlim muassasasining mulki (parta, stol, stul, doska, oʻsimliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar) va oʻquv jihozlari (kompyuter texnikasi, laboratoriya jihozlari, sinfxonalardagi stend va bannerlar)ga zarar yetkazmaslik; oʻzidan kichiklarga nisbatan izzatda boʻlish, kattalarga esa hurmat koʻrsatish; oʻqituvchilar va taʼlim muassasasiga kelgan mehmonlar bilan uchrashganda salom berish; taʼlim muassasasi yoʻlaklarida tinchlikni saqlash.
b) dars mashgʻulotlarida: tegishli darslik va zarur oʻquv qurollari bilan ishtirok etish; darslarda oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ishlarga chalgʻimaslik; oʻqituvchiga murojaat qilmoqchi yoki savoliga javob bermoqchi boʻlganda qoʻlini koʻtarib ruxsat soʻrash; sanitariya-gigiyena va texnika xavfsizlik qoidalariga toʻliq amal qilish.
d) tanaffusda: oʻz oʻqish joyini toza saqlash va tartibga keltirish; navbatdagi dars boʻladigan sinf xonasiga oʻz vaqtida oʻtish; fan oʻqituvchisining koʻrsatmasi boʻyicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash.
e) taʼlim muassasasining oshxonasida: ovqatlanishdan oldin va keyin qoʻllarini yuvish; umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib qoidalarga rioya qilish; taomlarni olishda navbatga turish va imkoni boricha ijtimoiy masofani saqlash; pedagoglar, oʻzidan kichiklarga va qizlarga hurmat koʻrsatish; ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik; ovqat va ichimliklarni oshxonaning oʻzida isteʼmol qilish; ovqatlangandan soʻng idishlarni yigʻishtirib qoʻyish.
f) taʼlim muassasasining kutubxonasida: kutubxona xodimlari bilan xushmuomalada boʻlish; kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish; kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.
g) sport zali (majmuasi)da: sport zaliga xos boʻlgan kiyim va poyabzalda kirish; sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish; mashgʻulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish; sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga toʻliq rioya qilish.
Oʻquvchilarga taʼlim muassasasida quyidagilar taqiqlanadi:
taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi; 9 oʻzaro munosabatlarda inson shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish (diskriminatsiya), haqorat qilish va behayo soʻzlarni ishlatishi, turli xil (jismoniy, ruhiy va boshqa) zoʻravonlikni (bulling) koʻrsatishi; qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos boʻlmagan yoki taʼlim muassasasining faoliyatiga tegishli, shuningdek, taʼlim muassasasi, oʻqituvchi va oʻquvchilarning obroʻsini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks etgan audio hamda videomateriallarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi yoki undan turli gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishi; dars jarayonida quloqchinlar (naushnik) orqali uyali aloqa vositalari va turli xil audio qurilmalardan foydalanishi, dars jarayonini uyali aloqa vositasining kamerasi orqali tasvirga olishi; taʼlim muassasasi kompyuterlarida taʼlim muassasasiga tegishli boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek, qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan bolalarning yosh xususiyatlariga mos boʻlmagan turli videomateriallar, taqiqlangan diniy maʼlumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni, zoʻravonlikni targʻib qiluvchi, pornografik xarakterdagi har qanday video, audio va fotomateriallarni tayyorlashi, saqlashi, foydalanishi va targʻib etishi; taʼlim muassasasi hududida tugʻilgan kun, Oʻzbekiston qonunchiligida belgilanmagan turli bayram tadbirlarini nishonlashi.